1
YALPIZ HIDLI ANORLAR
Uyatli ish bo’ldi – yarim qop anorni o’g’irlatib qo’ydi. Oddiy kunda bo’lsa mayli, lekin mehmonga quruq borish bo’lmaydi. Uyida keragidan ortig’icha anor g’amlab qo’ygan – otasining maslahatiga kirib butun hovlisini anor daraxtiga to’ldirgan. Ularni katta sandiqlarda saqlardi. Bu sandiqlarni xotini har-xil matolar to’plaganda kuyadan himoya qilish uchun yalpiz bilan to’ldirgan, endi anorlardan yalpiz hidi kelib turadi… Uyiga qaytmoqchi bo’ldi, lekin manzilga oz qolganda ortiga qaytib yana bir kunni isrof qilgisi kelmadi.
Go’yoki tunab qolish uchun boshpana qidirgan yo’lovchi bo’lib hijolat bilan xonadonga kirib bordi. Kutilmagan mehmonni bir kampir va bola ko’targan kelini xushmuomalalik bilan qarshi olishdi. Bu kampir mahallasida haddan ortiq mehribonligi bilan tanilgan, qiyinchilik paytlarida uyiga kelgan inson oilasi uchun biror ozuqasiz chiqib ketmasdi. Salomlashishdan keyin bu yil qish qattiq kelganligi va odamlar qiynalib qolganligi haqida gap ketdi. Shu payt kampir o’g’lini maqtay ketdi:
– Xudoga shukr, o’g’lim rosa mehnatkash, hech bizni och qoldirib qo’ymaydi. Hech tinim bilmaydi. Quyosh chiqmasdan uydan chiqib ketadi – kech kirganda qaytadi. Hech qachon bo’sh qaytmaydi, topsa pul, topmasa yemish…
Bu gaplar uni chuqur o’ylatib qo’ydi. vijdoni qiynaldi. O’zi to’g’ri ish qilyaptimi? Hech bo’lmaganda anori bilan kelsa mayli edi. Shuniyam o’g’irlatib qo’ydi. Nahotki o’z oilasini mehnat qilib boqa olmaydigan bo’lib qoldi. Tezroq bu yerdan ketib qattiq ishlab pul topishni xohlardi…
Kampirning o’g’li qaytganida allaqachon kech tushgandi. U olib kelgan xaltadan kelin dasturxonga qand va non qo’ydi. Kutilmaganda xalta ichidan ikkita anor chiqib keldi. Yetilib pishgan, yoriqlaridan ko’rinib turgan donalar qondek qizil. Butun xonani yalpiz hidi egalladi…
18/11/25